Qashqadaryo viloyatida hududning master-rejasini amalga oshirishga kirishildi
10/10/2022 - 11:51 2775
Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) ko‘magida ishlab chiqilgan Shahrisabz tumanining master-rejasini amalga oshirish doirasida Germaniyalik xalqaro ekspert Karl-Haynz Yah mahalliy ekspertlar va IT-Park mutaxassisi bilan hamkorlikda 5–7-oktabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Tashrifdan maqsad viloyatda mikro, kichik va o‘rta korxonalarning (keyingi o‘rinlarda MKO‘K) raqamlashtirilishi va turli sohalardan 3-4 ta mahalliy tadbirkorlik subyektlarining qo‘shilgan qiymat zanjiriga raqamli yechimlarni joriy etishdir.
O‘rganishlar doirasida mutaxassislar viloyatning Shahrisabz tumanida bo‘lib, ushbu tumanning master-rejasini amalga oshirish maqsadida mahalliy hokimliklar, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, turizm, ta’lim va xizmatlar (restoran xizmati va umumiy ovqatlanish) kabi saralab olingan soha biznes vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Uchrashuvlarda turizm sohasida IT xizmatlar qo‘llanishi masalalariga alohida e’tibor qaratilib, ularni keng qamrovda joriy qilinishi nazarda tutilmoqda.
Mutaxassislarga quyidagi vazifalar qo‘yildi:
- qishloq joylarda qo‘shimcha qiymat zanjirlarini raqamlashtirish masalalari bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani mamlakatimizda qo‘llash imkoniyatlarini o‘rganish;
- pilot tumanlarda MKO‘K subyektlari faoliyatiga raqamli yechimlarni ommaviy joriy etish bo‘yicha qo‘shilgan qiymat zanjiri, muammolar va imkoniyatlarini tezkor baholashni o‘tkazish;
- xodimlarni o‘qitish va samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash yordamida MKO‘K faoliyatida raqamli yechimlarning zamonaviy namunalarini (tizimlar, uskunalar, texnik xizmat ko‘rsatish va boshqa vositalar) o‘rnatish va sinovdan o‘tkazish;
- tajribani keyinchalik keng joriy qilish uchun qiymat zanjirini raqamlashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar va mexanizmlar tayyorlash.
Saralab olingan korxonalar faoliyatining samarasini oʻrganish, boshlangʻich koʻrsatkichdan maqsadli koʻrsatkichlarga oʻzgarishlarni monitoring qilish hamda hududdagi kichik va o‘rta biznes subyektlarining qo‘shilgan qiymat zanjiriga raqamli tizimlarni joriy etish va raqamli transformatsiyasi bo‘yicha amaliy tavsiyalarni o‘z ichiga qamrab olgan qisqa tahlil tayyorlanishi va ularni amaliyotga joriy etilishi kutilmoqda.
Elektron tijorat masalalari, iqtisodiy va turizm salohiyati haqidagi axborotni takomillashtirish, shu bilan birga yoshlar bandligini ta’minlash va aholining raqamli koʻnikmalarini oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha yuqorida qayd etilgan masalalar Shahrisabz tumanining kompleks iqtisodiy salohiyatini, jumladan, turizm salohiyatini ko‘rsatuvchi inklyuziv platformani yaratishga xizmat qiladi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun:
https://t.me/economy_press, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining Axborot xizmati
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati