Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamkorligida Islom taraqqiyot banki va OPЕK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi, BMT Taraqqiyot dasturi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi ishga tushirildi

18/10/2022 - 19:54 3006

Hududlarda qishloq aholisining asosiy infratuzilma sifatini oshirish va loyiha qamragan qishloqlardagi hayotiy faoliyatni ta’minlovchi xizmatlar sifatini yaxshilash, xususan, yo‘llar qurilishi, transport infratuzilmasini, injeneriya va kommunikatsiya tarmoqlarini hamda ijtimoiy ahamiyatga molik inshootlar qatoriga kiruvchi maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, qishloq vrachlik punktlari va elektr-kommunikatsiya tizimlarini yaxshilash maqsadida ishlab chiqilgan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi ishga tushirildi.

18-oktabr kuni Toshkentning Hilton mehmonxonasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamkorligida Islom taraqqiyot banki va OPЕK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi, BMT Taraqqiyot dasturi ishtirokida tashkil etilgan loyihaning “Ochilish marosimi” bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Islom taraqqiyot banki, BMT Taraqqiyot dasturi vakillari, viloyat va tuman hokimliklari, fuqarolik jamiyati, nodavlat va notijorat tashkilotlar, vazirlik va idoralar hamda O‘zbekiston Respublikasida o‘z faoliyatini olib borayotgan xalqaro moliya institutlari va donorlar vakillari ishtirok etdilar.

Loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi (46 ta MFY), Xorazm (49 ta MFY), Buxoro (41 ta MFY) va Navoiy (34 ta MFY) viloyatlarining 20 ta tumanidagi 170 ta MFY (40 ta markaziy, 130 ta yondosh mahalla)larda amalga oshiriladi. Bunda, ijtimoiy va infratuzilma obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ko‘zda tutilgan.

Tadbir davomida “Qishloq joylarini barqaror rivojlantirish” loyihasining pirovard maqsadi – davlatimiz va jamiyatimizning barcha soha va yo‘nalishlarida hurmatli Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” g‘oyasini hayotga tatbiq etishni ko‘zda tutgan holda, loyiha doirasida qishloq va mahalla aholi punktlarida ichimlik suvi ta’minoti, elektr ta’minoti inshootlarini, yo‘l-transport infratuzilmasini, ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish, hududlarni kompleks rivojlantirishga xizmat qilishi, shuningdek, loyihaning afzalliklaridan biri sifatida uning joylarga chiqib, aholining ehtiyojlarini o‘rganib chiqqan holda ishlab chiqilganligini misol qilib ko‘rsatish mumkin ekanligi alohida ta’kidlandi.

Misol uchun, loyiha doirasida Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanida 10 ming aholi istiqomat qiladigan Paxtachi OFYda aholining ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda hududdan o‘tgan temir yo‘l ustidan ko‘prik barpo etish, Taxiatosh tumanining Do‘stlik mahallasida kichik istirohat bog‘i qurish, Buxoro viloyatining Buxoro tumanida 7 ming aholiga ega bo‘lgan Talaliyon mahallasida aholining ehtiyojlari asosida sug‘orish tizimini rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihalar shakllantirilgan.

Loyiha doirasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining loyihani amalga oshirish davrida infratuzilmani barqaror boshqarish bilan bog‘liq tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkori etib belgilangan bo‘lib, xususan, mahalliy arxitektura loyiha institutlari va hududiy qurilish boshqarmalari vakillarini tayyorlash, gender nuqtai nazaridan innovatsion IT-yechimlar va raqamli transformatsiyani joriy etish uchun qurilish sektori va arxitektura dizayni salohiyatini oshirish va boshqalar yuzasidan hamkorlik olib boradi.

Shuningdek, BMTTD va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Barqaror rivojlanish maqsadlari yuzasidan iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish va ta’lim, sog‘liqni saqlash, aholini ijtimoiy muhofaza qilish va ish bilan ta’minlash, iqlim o‘zgarishi va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi bir qator masalalarni hal qilish bilan birgalikda kambag‘allikni yo‘q qilishga har tomonlama yordam berish orqali “Barqaror infratuzilmani yaratish, inklyuziv va barqaror sanoatlashtirish va innovatsiyalarni rivojlantirish” masalalari bo‘yicha yaqindan hamkorlik olib boradi.

Hozirgi kunda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi hamkorligida 42 tajriba (pilot) MFY da jamoa safarbarligi ishlari yakunlangan bo‘lib, ularning manzilli ro‘yxati shakllantirildi hamda 170 ta birlamchi va dolzarb bo‘lgan subloyihalar tanlab olindi. Shuningdek, joriy yilning yakuniga qadar 66 ta va 2023-yil 1 yarim yillikda 62 MFYda birlamchi va dolzarb subloyihalar aniqlanishi ko‘zda tutilgan.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati