Buxoroda O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish iqtisodiy xalqaro forumida “Qishloq ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi

28/05/2022 - 15:35 1655

Joriy yilning 26-27-may kunlari Buxoro shahrida O‘zbekistonda iqtisodiy xalqaro Forumi bo‘lib o‘tdi. Unda “Qishloq ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. 

Tadbirda Gender masalalari bo‘yicha milliy ekspert, BMTTD Dilfuza Abulxasan moderator vazifasini bajardi.

Shu bilan birga, tadbirni Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ochib berdi. U o‘z so‘zida bugungi kunda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, gender tenglik haqida keng to‘xtalib o‘tdi. “Bugungi kunda O‘zbekistonda ayollar mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotidagi barcha sohalarida faol ish olib bormoqdalar. Ayniqsa, qishloq joylardagi ayollarning turli sohalarda yuqori darajadagi ishtiroki, gender tengligini qo‘llab-quvvatlashning natijasidir. Qo‘lga kiritilayotgan yuksalishlar tobora rivojlanib borishi kerak. Sababi, yurtimizda juda ko‘p aqlli va iqtidorli xotin-qizlar bor. Ularning imkoniyatlarini oshirib, jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz”.

Bundan tashqari, tadbir doirasida qishloq joylaridagi ayollar va yoshlar uchun imkoniyatlar: raqamli ko‘nikmalar, startaplar, tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, yashil ish o‘rinlarini yaratish, ayollar, shu jumladan, tadbirkor ayollar uchun psixologik va boshqaruv bo‘yicha amaliy darslar (workshop) tashkil etish muhokama etildi.

Xalqaro miqiyosda bo‘lib o‘tgan davra suhbatida Gulrano Tolepova (Jahon banki), Usmon Raximjonov (BMTTD), Madina Muxamedova (Airy insole), Alisher Islamov (BMTTD), Dilfo‘za Komil (“Ayollar va yoshlar” o‘quv markazi) ishtirok etdilar. 

Tadbir qishloq ayollarining ijtimoiy-siyosiy jabhalarda faolligini oshirish, shuningdek, ijtimoiy davlat barpo etish islohotlarida ayollar mavqeini yuksaltirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, jamiyatda siyosiy, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi va taraqqiyoti ayollarga, yoshlarga, oilaga bo‘lgan munosabat va e’tibor bilan bog‘liqligi, shubhasiz.