O‘ZBEK TILI FIDOYILARI TAQDIRLANDI
21/10/2022 - 22:46 2841
Bugun poytaxtimizdagi “Turkiston” san’at saroyida 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tantanali marosim tashkil etildi. Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi.
Shundan so‘ng, “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” Respublika tanlovining g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-iyundagi 118-son yig‘ilish bayoniga asosan tashkil etilgan tanlov “Davlat tili ustuvorligi ta’minlangan eng namunali hudud”, “Davlat tilida ish yuritish yo‘lga qo‘yilgan eng yaxshi tizim”, “O‘zbek tilini rivojlantirishga qaratilgan eng yaxshi ilmiy-amaliy loyihalar va dasturiy mahsulotlar” va “O‘zbek tilining qudrati va go‘zalligini tarannum etgan eng yaxshi badiiy asar” kabi 4 ta yo‘nalishda o‘tkazildi.
Quvonarlisi shundaki, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ushbu tanlovning vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari mehnat jamoalarida davlat tilini bilishning burch va majburiyat sifatida his etilishiga erishishga qaratilgan “Davlat tilida ish yuritish yo‘lga qo‘yilgan eng yaxshi tizim” yo‘nalishida faxrli 1-o‘rinni egalladi. Bu ham bo‘lsa vazirligimizda yagona va yaxlit til siyosatini yuritish, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga qaratilgan faoliyatning munosib e’tirofidir. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda 2-o‘rinni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va “O‘zkimyosanoat” uyushmasi, 3-o‘rinni esa Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi hamda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi qo‘lga kiritdi.
O‘zbek tili bayrami kuni barchamizga muborak bo‘lsin!
Ma’naviyat va ma’rifat kengashi,
Axborot xizmati