O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi
02/12/2022 - 20:58 3085
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot Strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish, O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish Strategiyasini sifatli amalga oshirish hamda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida resurslarni tejashni yanada kengaytirish maqsadlarida ushbu qaror qabul qilingan.
“Yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha 2030-yilgacha amalga oshiriladigan ustuvorliklar, maqsadli ko‘rsatkichlar va ularga erishish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Xususan, Qaror bilan quyidagi strategik hujjatlar tasdiqlandi:
- strategik maqsadlarga erishishga mo‘ljallangan 2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va “yashil” o‘sishni ta’minlash dasturi;
- Sanoat tarmoqlarida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va energiya tejamkorligini ta’minlash bo‘yicha konsepsiya;
- 2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va “yashil” o‘sishni ta’minlash bo‘yicha harakatlar rejasi;
- ishlab chiqarilgan mahsulotning energiya sig‘imi ko‘rsatkichini 2026-yilga kelib 2022-yilga nisbatan 20 foizga kamaytirishga qaratilgan 2022–2026-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilg‘i-energetika resurslarini tejashning maqsadli parametrlari.
Xususan, sanoat tarmoqlarida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va energiya tejamkorligini ta’minlash bo‘yicha konsepsiya va uning asosida 25 ta strategik ahamiyatga ega korxona va tashkilotda yoqilg‘i-energetika resurslarini tejashning maqsadli parametrlari kuchga kirmoqda. Bunda, konsepsiya doirasida 2022–2026-yillarda sanoat tarmoqlarida 3,9 mlrd kub/metr tabiiy gaz, 4 mlrd kVt/soat elektr energiyasi va 21 ming tonna neft mahsulotlarini tejash belgilangan.
“Yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarni va harakatlarni samarali amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida idoralararo va xorijiy hamkorlar bilan muvofiqlashtirishning yangicha tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan:
– O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish choralarini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo kengash faoliyati kuchaytirilmoqda, vakolatlari kengayib, tarkibi yangilanmoqda;
– “yashil” o‘sish dasturi yo‘nalishlari bo‘yicha vazirlik, idoralar, tadqiqot institutlari va xorijiy ekspertlar tarkibidagi ekspert texnik ishchi guruhlari tashkil qilinmoqda;
– Xalqaro moliya institutlari va rivojlantirish bo‘yicha hamkor tashkilotlar tarkibidagi Donorlarning muvofiqlashtirish guruhi tashkil qilinmoqda;
– “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha mas’ul vakolatli organ bo‘lgan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Idoralararo kengash ishchi organi sifatida belgilanmoqda.
Donorlarning muvofiqlashtirish guruhining faoliyati Vazirlikda tashkil etilayotgan Texnik kotibiyat tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
Mazkur qarorga muvofiq Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi:
- O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish choralarini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo kengashining ishchi organi;
- Parij bitimining 6-moddasiga muvofiq, Barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash mexanizmi bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organ (milliy organ);
- Xalqaro va respublika darajasida issiqxona gazi savdosini (Emission Trade System – ETS, Joint Credit Mechanism – JCM va boshqalar) tartibga solish va amalga oshirishni muvofiqlashtirish va boshqarish, shuningdek, ushbu sohadagi loyihalarni amalga oshirish davrida monitoring va hisobotlarni yuritish uchun mas’ul bo‘lgan ijro etuvchi organi etib belgilandi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati