Mamlakatimizda ish o`rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta'minlashda O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining roli mavzusida
25/11/2014 - 11:46 46530
Demografiya va mehnat bozori bo`limi boshlig`i Z.E. Sharipov bilan suhbat
Savol: Zafar Erkinovich, ma'lumki, yaqinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisida 2015 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlashning prognoz parametrlari qabul qilindi. Shu munosabat bilan kelgusi yilda ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturini shakllantirish tartiblari haqida qisqacha ma'lumot bersangiz.
Javob: Mazkur dastur Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, manfaatdor vazirlik idoralar, xo‘jalik birlashmalari, banklar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda shakllantiriladi.
Yangidan tashkil etilishi lozim bo‘lgan ish o‘rinlarining prognoz ko‘rsatkichlari mehnat resurslari balansining ishchi kuchiga bo‘lgan taklifi bilan bevosita bog‘lagan holda, ushbu ishchi kuchi bandligini ta'minlash yuzasidan tarmoqlar va hududlar kesimida manzilli loyihalar ishlab chiqiladi.
Bunda tashkil etiladigan ish o‘rinlari soni aholining o‘sishi, mehnat resurslari o‘zgarish dinamikasi, ya'ni mehnat bozoriga birinchi marotaba kirib kelayotgan mehnat resurslari va ishsizlar soni, ajratilayotgan kreditlar, har bir hudud va tarmoqqa kiritilishi mo‘ljallanayotgan investitsiyalar hajmi bilan o‘zaro mutanosibligining ta'minlanishi nazarda tutiladi.
Savol: Ayting-chi, 2014 yilda respublikamizda yangi ish o‘rinlarini tashkil etishda qanday ustuvor vazifalar maqsad qilib qo‘yilgan?
Javob: Joriy yilda respublikamizda bu borada ustuvor vazifalar etib, iqtisodiyotning real tarmoqlarida muqim ish o‘rinlarini tashkil etish, ushbu yangi ish o‘rinlarining qisqarish sabablarini o‘rganish, xizmatlar sohasini rivojlantirish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlarini barpo etish va avvalo, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini jalb qilish, hududlarda joylashgan sanoat tarmoqlarini rivojlantirishda yangi ishlab chiqarish va yangi ish o‘rinlarini tashkil etib, kiritilayotgan investitsiyalarning asosiy qismini qishloq joylari va mehnat resurslari yuqori bo‘lgan tumanlarda amalga oshirish, ishsizlik darajasini kamaytirish orqali aholi turmush darajasini oshirish etib belgilangan.
Savol: Aholi bandligini ta'minlash dasturining bevosita ijrosi va uning amaliy ahamiyatiga to‘xtalsangiz.
Javob: Iqtisodiyot vazirligi ushbu dasturni amalga oshirilishida manfaatdor vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, investitsiya, xizmatlar ko‘rsatish va servisni hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shuningdek tarmoqlarning maqsadli dasturlariga muvofiq tashkil etiladigan ish o‘rinlarining monitoringini olib borishda bevosita ishtirok etadi. Bunda muddatidan kechikayotgan yoki muammoli loyihalar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar qo‘llanilib, kutilayotgan ish o‘rinlarini tashkil etilishiga ko‘maklashadi. Shuni aytib o‘tish kerakki, ushbu dasturlar muqim ish o‘rinlarini yaratib berishi bilan ham ahamiyatlidir.
Savol: 2015 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturi yuzasidan vazirlik ishtirokida qanday chora-tadbirlar bajarilishi mo‘ljallanmoqda?
Javob: 2015 yilda Iqtisodiyot vazirligi ishtirokida sanoatning 9 ta, xizmat ko‘rsatish va servisni rivojlantirishning 48 dan ortiq, qishloq xo‘jaligining 8 ta yo‘nalishida jami 230,0 mingdan ziyod hamda respublika investitsiya dasturiga muvofiq 6,0 ming ta yangi muqim ish o‘rinlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Savol: Ma'lumki, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash ishlab chiqarishga, uning iqtisodiy o‘sishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatsa, ishsizlik darajasiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Bu borada aholi bandligini oshirish yuzasidan qanday amaliy ishlar olib borilmoqda?
Javob: Darhaqiqat shunday, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash mehnat unumdorligini oshiradi va bu o‘z-o‘zidan korxona foydasi hamda ishchi, xodimlar oylik ish haqlarini oshishiga turtki bo‘ladi. Biroq, shuni ham inobatga olish kerakki, bu tarkibiy o‘zgarishlar o‘z-o‘zidan ishsizlar soni oshishiga asos bo‘ladi.
Ushbularni inobatga olib, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan hamkorlikda doimiy ravishda ishchi kuchi yuqori bo‘lgan tumanlardagi aholining bandlik holati tahlil qilinadi va ular asosida kelgusi davrda ushbu tumanlarda ko‘p ishchi kuchi talab etiladigan loyihalarni amalga oshirish hamda kam xarajat talab etadigan ish o‘rinlarini tashkil etish orqali aholining bandlik darajasi oshiriladi.
Misol tariqasida aytish mumkin-ki, 2015 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etishda asosiy e'tibor sanoat sohasi bilan bir qatorda xizmatlar ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirishga qaratilgan. Unga ko‘ra, 2015 yilda ushbu sohasida 2014 yilga nisbatan 1,3 martaga ko‘p ish o‘rni hamda ularning asosiy qismi qishloq joylarida barpo etilishi mo‘ljallanmoqda.
Savol: Mamlakatimizda har yilgi yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturi bilan oliy va o‘rta ma'lumotli kadrlar tayyorlash o‘rtasida qanday bog‘liqlik mavjud?
Javob: Ta'lim muassasalariga har yilgi qabul ko‘rsatkichlari iqtisodiyotning real tarmoqlarida oliy va o‘rta-maxsus ma'lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, oliy ma'lumotli kadrlarning keyingi 4 yil (tibbiyot sohasida keyingi 7 yil), o‘rta ma'lumotli kadrlarning esa keyingi
3 yillik talabi hududlar va tarmoqlar kesimida o‘rganilib tahlil qilinadi va shakllantiriladi. Shundan kelib chiqqan holda, ta'lim muassasalariga qabul qilingan kadrlar o‘qishni tamomlagach, vazirlik, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, banklar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladigan har bir loyiha bilan bog‘liq holda ishlab chiqiladi.
Savol: Hozirda iqtisodiyotning real tarmoqlarida asosan qaysi soha xodimlariga bo‘lgan ehtiyoj ortmoqda va bu borada kadrlar tayyorlash tizimida qanday say'-harakatlar amalga oshirilmoqda?
Javob: Respublikamiz sanoati yildan-yilga jadal sur'atlar bilan rivoj topmoqda. Davlatimiz tomonidan berilayotgan soliq, davlat bojlari va boshqa qator imtiyozlar tufayli sohaga kiritilayotgan investitsiyalar hajmining ortib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishining kengayishiga, shuningdek, ichki va tashqi bozorni mahalliy sifatli mahsulotlar bilan ta'minlanishiga erishilmoqda.
Iqtisodiyotning real tarmoqlari, jumladan, Navoyi erkin iqtisodiy sanoat zonasi hamda Angren va Jizzax erkin sanoat zonalarining tashkil etilishi; Xorazm viloyatida yengil avtomobillar ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi; Surgil koni negizida Ustyurt gaz-kimyo kompleksining barpo etilishi; SHo‘rtan gaz-kimyo majmuasi negizida sintetik quyuq yoqilg‘i ishlab chiqarishni yo‘l qo‘yishni rejalashtirilishi; Navoyi, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida joylashgan ko‘pgina konlardan foydalanishni boshlanishi natijasida, ayni paytda va kelgusida muhandis, arxitektor, quruvchi, ishlab chiqarish texnologi, ishlab chiqarishda kompyuter texnologi, transport, aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologi kabi oliy ma'lumotli mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojning ortishiga sabab bo‘ldi.
Bu esa, o‘z navbatida, Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi, Davlat test markazi va qator manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda, shuningdek hududlardagi oliy ta'lim muassasalarida yuqorida nomi tilgan olingan yo‘nalishdagi kadrlarni tayyorlash tizimi moddiy-texnik bazasini, professor-o‘qituvchilar tarkibi hamda bilim saviyasini tubdan yaxshilanishini taqozo etdi.
Qolaversa, respublikamiz sanoat tarmoqlaridagi maxsus qurilish tashkilotlarining moddiy-texnika bazasining yaxshilanishi, elektrotexnika sanoati, xizmat ko‘rsatish sohasi, qishloq xo‘jaligi uzumchilik tarmog‘ining, shu bilan birga, hududlar sanoat salohiyatining rivojlantirilishi tufayli, asosan qurilish va kommunal, energetika, xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda o‘rta-maxsus ma'lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj kun sayin ortib bordi.
Olib borilayotgan say'-harakatlar respublikamizda nafaqat aholi bandligi darajasini oshirish, balki ularning daromadlari, turmush darajasini yuksaltirish, iste'mol tovarlari ishlab chiqarishni kengaytirish, oldinlari chetdan import qilingan mahsulotlarning o‘rnini bosuvchi mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga zamin yaratdi.
Vazirlik matbuot xizmati