Tadbirkorlik faoliyatini tiklash va biznesni tugatish bilan bog‘liq tartibotlarni soddalashtirish masalalari muhokama qilindi
13/02/2015 - 20:01 40845
Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, odatda, tadbirkorlik subyektlari tomonidan biznesni tashkil etish va rivojlantirishga investitsiya kiritish bilan bog‘liq. Bu jarayonda boshlanayotgan biznes muvaffaqiyatli bo‘ladimi yoki kuchli raqobat muhitida o‘z mavqeiga ega bo‘lish tadbirkorlar kutganidan ko‘ra murakkabroq yoki umuman imkonsiz bo‘ladimi – bu kabi noaniqlik holatlari va risklar to‘laligicha tadbirkorning zimmasiga tushadi. Risklar va bozor konyunkturasi tadbirkorlik subyektlarini o‘z faoliyatlari rentabelligini ta’minlash yoki biznesni tugatish bilan bog‘liq masalalarga duch kelishga majbur qiladi.
Joriy yilning 13-fevral kuni Yashnobod tumani hokimligida tashkillashtirilgan seminar aynan shu masalalarga bag‘ishlanib, unda tadbirkorlik subyektlari, Iqtisodiyot vazirligi, Toshkent shahri va tuman hokimliklarining rahbarlari va mutaxassislari, Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi, adliya boshqarmasi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasining Toshkent shahar boshqarmasi, tuman soliq inspeksiyalari xodimlari, shuningdek Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘linmalari vakillari ishtirok etishdi.
Seminar davomida Iqtisodiyot vazirligi, davlat soliq boshqarmasi va Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasining Toshkent shahar boshqarmasi mutaxassislari tomonidan Jahon bankining “Doing Business” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilash, shu jumladan faoliyat yuritmayotgan korxonalar faoliyatini tiklash, to‘lovga qobiliyatsizlikni bartaraf etish, shuningdek korxonani tugatish tartibotlarini amalga oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasining “Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonuniga tugatishga doir ish yuritishning ayrim tartibotlaridan o‘tish muddatlarini tezlashtirish, bankrot korxonalar mol-mulklarini yangi ishlab chiqarish tashkil etish maqsadida ishbilarmon mulkdorlarga berishga qaratilgan qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Bundan tashqari, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratishni ta’minlash maqsadida qonunda qarzdorning faoliyatini to‘xtatmasdan tugatishga doir ish yuritish o‘tkazilishini nazarda tutuvchi norma mustahkamlab qo‘yildi.
Shuningdek, kreditorlar tomonidan kiritilgan mablag‘larni qaytarish kafolatini kuchaytirish maqsadida korxona bankrot deb e’tirof etilganda kreditorlarning talablarini qondirish navbati tartibiga o‘zgartirish kiritish orqali budjet va budjetdan tashqari jamg‘armalar oldidagi talablar bilan kreditorlarning garov bilan ta’minlanmagan talablarini mutanosib ravishda qondirish ko‘zda tutildi.
Seminarda biznesni tugatish va kreditorlar talablarini qondirishda tadbirkorlik subyektlari duch keladigan muammolar batafsil muhokama qilindi, shuningdek ushbu masalalarni huquq doirasida hal etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
O‘z navbatida, tadbirkorlar kreditorlar oldida qarzdorligi mavjud bo‘lmagan korxonalarni tugatish tartibotlarini soddalashtirishni nazarda tutgan holda moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘zlarining ustav jamg‘armalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish sohasida qonunchilikni yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.
O‘zbekiston Respublikasi
Iqtisodiyot vazirligi