O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
28/09/2015 - 18:58 16925
Investitsiya va pay fondlari to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2015 yil 29 iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2015 yil 6 avgustda ma'qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi investitsiya va pay fondlari faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Investitsiya va pay fondlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Investitsiya va pay fondlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining investitsiya va pay fondlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Investitsiya fondi
Investorlarning pul mablag‘larini jalb etish va ularni investitsiya aktivlariga qo‘yish maqsadida aksiyalar chiqarishni amalga oshiruvchi yuridik shaxs - aksiyadorlik jamiyati investitsiya fondidir.
Investitsiya fondi o‘z faoliyatini qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan litsenziya asosida amalga oshiradi.
Investitsiya fondi quyidagi turda bo‘lishi mumkin:
o‘zi chiqargan aksiyalarni qaytarib sotib olish majburiyatiga ega bo‘lgan investitsiya fondi;
o‘zi chiqargan aksiyalarni qaytarib sotib olish majburiyatiga ega bo‘lmagan investitsiya fondi.
Investitsiya fondining turi fondning ta'sis hujjatlarida ko‘rsatiladi.
4-modda. Pay fondi
Investitsiya faoliyatini amalga oshirish maqsadida ikki va undan ortiq shaxslarning - investorlarning o‘zi ishonchli boshqaruvga bergan pul mablag‘lari yig‘indisi pay fondidir.
Pay fondi quyidagi turda bo‘lishi mumkin:
chiqarilgan investitsiya paylarini ishonchli boshqaruvchi tomonidan fondning mablag‘lari hisobidan qaytarib sotib olish majburiyatiga ega bo‘lgan pay fondi;
chiqarilgan investitsiya paylarini ishonchli boshqaruvchi tomonidan fondning mablag‘lari hisobidan qaytarib sotib olish majburiyatiga ega bo‘lmagan pay fondi.
Pay fondining turi pay fondini ishonchli boshqarish shartnomasida ko‘rsatiladi.
Pay fondi yuridik shaxs bo‘lmaydi.
5-modda. Investitsiya payi
O‘z egalarining pay fondidagi ulushini tasdiqlovchi hujjatsiz qimmatli qog‘oz investitsiya payidir.
Investitsiya payiga bo‘lgan huquqlar Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi tomonidan investitsiya paylari egasining depo hisobvarag‘idan beriladigan ko‘chirma bilan tasdiqlanadi.
6-modda. Investitsiya aktivlari
Investitsiya fondining yoki pay fondining investitsiya portfelini tashkil etuvchi qimmatli qog‘ozlar, ulushlar, pul mablag‘lari (shu jumladan chet el valyutasi), omonatlar va ko‘chmas mulk investitsiya aktivlaridir.
7-modda. Investitsiya va pay fondlarining nomi
Investitsiya fondining yoki pay fondining to‘liq nomi tegishincha «investitsiya fondi» yoki «pay fondi» degan so‘z birikmasini o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak hamda boshqa investitsiya va pay fondlarining nomiga o‘xshash bo‘lishi mumkin emas. Bunda pay fondining nomida investitsiya qilish ob'yekti (aksiya, obligatsiya, xom ashyo bozorlari, yuqori texnologiyalar va boshqalar) ko‘rsatilishi kerak.
Investitsiya va pay fondlari qisqartirilgan nomga ega bo‘lishi mumkin.
Investitsiya fondi bo‘lmagan yuridik shaxslar o‘z nomida «investitsiya fondi» degan so‘z birikmasidan foydalanishga haqli emas.
Investitsiya fondi o‘zining to‘liq nomi davlat tilida ifodalangan va o‘z joylashgan yeri ko‘rsatilgan yumaloq muhrga ega bo‘lishi shart. Muhrda uning nomi ayni vaqtning o‘zida boshqa istalgan tilda ham ko‘rsatilishi mumkin.
Investitsiya fondi o‘zining nomi yozilgan shtamplariga va blankalariga, o‘z emblemasiga ega bo‘lishga haqli.
8-modda. Ishonchli boshqaruvchi
Ishonchli boshqaruvchi deganda ushbu Qonunda investitsiya fondlarini va (yoki) pay fondlarini ishonchli boshqarish shartnomasi asosida ishonchli boshqarishni amalga oshiruvchi yuridik shaxs tushuniladi.
Ishonchli boshqaruvchi qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchisidir.
Ishonchli boshqaruvchi o‘zi boshqaradigan investitsiya aktivlari o‘rtacha yillik qiymatining kamida 5 foizi miqdorida o‘z kapitaliga (ustav kapitaliga qo‘yilgan nomoddiy aktivlarni chegirib tashlagan holda) ega bo‘lishi kerak.
Investitsiya fondini va (yoki) pay fondini boshqaruvga qabul qilgan ishonchli boshqaruvchi ishonchli boshqarish shartnomasida nazarda tutilgan doirada bu fondlarga (fondga) nisbatan mulkdorning huquqlarini amalga oshiradi.
Ishonchli boshqaruvchining huquq va majburiyatlari qonun hujjatlarida, investitsiya fondining ustavida, ishonchli boshqarish shartnomasida hamda investitsiya fondining ijroiya organi to‘g‘risidagi nizomida belgilanadi.
Ishonchli boshqaruvchi o‘zining ustavida belgilangan tarkibda va tartibda ichki audit xizmatini tashkil etishi shart.
Ishonchli boshqaruvchi o‘z boshqaruvida bo‘lgan investitsiya fondlarining aksiyalarini va pay fondlarining investitsiya paylarini olishga haqli emas.
Investitsiya va pay fondlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda, ishonchli boshqaruvchi investitsiya fondi aksiyalarining va pay fondi investitsiya paylarining egalari oldida yetkazilgan haqiqiy zarar miqdorida javobgar bo‘ladi.
Xizmatlar ko‘rsatganlik uchun ishonchli boshqaruvchiga investitsiya fondining va (yoki) pay fondining mablag‘lari hisobidan ishonchli boshqarish shartnomasiga muvofiq haq to‘lanadi. Haqning umumiy miqdori va uni to‘lashning o‘ziga xos xususiyatlari ushbu shartnomada belgilanadi.
9-modda. Ishonchli boshqarish shartnomasi
Ishonchli boshqaruvchi va investitsiya fondi o‘rtasida yoxud ishonchli boshqaruvchi va pay fondining investorlari o‘rtasida tuziladigan, ishonchli boshqarish chog‘idagi cheklovlarni, haq to‘lash va xarajatlarning o‘rnini qoplash tartibini, shartnomaning amal qilishini tugatish asoslari va shartlarini, taraflarning javobgarligini hamda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa qoidalarni nazarda tutadigan shartnoma ishonchli boshqarish shartnomasidir.
Pay fondini ishonchli boshqarish shartnomasi qo‘shilish shartnomasidir.
Ishonchli boshqaruv ishonchli boshqarish shartnomasiga muvofiq amalga oshiriladi, ishonchli boshqaruvchining rahbari tomonidan ushbu shartnoma:
aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining qaroriga asosan investitsiya fondining kuzatuv kengashi raisi bilan;
shartnomani imzolash va unga qo‘shilish orqali pay fondining investorlari bilan tuziladi.
Investitsiya fondi tomonidan bir vaqtning o‘zida bir nechta ishonchli boshqaruvchi bilan ishonchli boshqarish shartnomasi tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ishonchli boshqarish shartnomasida uning ajralmas qismi bo‘lgan va investitsiya aktivlarining tarkibiga nisbatan talablar qo‘yadigan investitsiya deklaratsiyasi bo‘lishi kerak.
Pay fondini ishonchli boshqarish shartnomasining amal qilish muddati besh yildan oshmasligi kerak. Agar investitsiya paylarining egalari o‘zlariga tegishli barcha investitsiya paylarini muomaladan chiqarishni talab qilmagan bo‘lsa, shartnomaning amal qilish muddati investitsiya paylari egalari umumiy yig‘ilishining qarori bilan bir yilga uzaytirilishi mumkin.
10-modda. Investitsiya deklaratsiyasi
Investitsiya deklaratsiyasida quyidagilar bo‘lishi kerak:
investitsiya fondini yoki pay fondini tashkil etish va uning faoliyatini amalga oshirish maqsadi;
investitsiya fondining yoki pay fondining pul mablag‘lari va boshqa mablag‘lari investitsiya qilinadigan investitsiya aktivlarining ro‘yxati;
investitsiya tavakkalchiliklarining tavsifi;
ishonchli boshqaruvchi saqlab turishi shart bo‘lgan investitsiya aktivlarining tarkibi to‘g‘risidagi ma'lumotlar (har xil turdagi qimmatli qog‘ozlar va emitentlar o‘rtasidagi, shuningdek qimmatli qog‘ozlar, pul mablag‘lari va boshqa investitsiya aktivlari o‘rtasidagi nisbat);
investitsiya deklaratsiyasining investitsiya fondi yoki pay fondi va ishonchli boshqaruvchi tomonidan rioya etilishi shart bo‘lgan qoidalarining amal qilish muddati;
pay fondining investitsiya paylari egalari umumiy yig‘ilishining vakolatlari to‘g‘risidagi qoidalar, investitsiya payi har bir egasining huquq va majburiyatlari, shuningdek pay fondini ishonchli boshqaruvchining huquq va majburiyatlari.
Investitsiya fondining investitsiya deklaratsiyasi, shu jumladan unga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar investitsiya fondi aksiyadorlari umumiy yig‘ilishining qarori bilan tasdiqlanadi.
Pay fondining investitsiya deklaratsiyasi, shu jumladan unga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar pay fondi investorlarining (investitsiya paylari egalarining) qarori bilan tasdiqlanadi.
Investitsiya deklaratsiyasi, shu jumladan unga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organiga ushbu deklaratsiya tasdiqlangan kundan e'tiboran o‘n kalendar kun ichida taqdim etiladi.
2-bob. Investitsiya fondi
11-modda. Investitsiya fondini tashkil etish
Investitsiya fondi yangi yuridik shaxsni ta'sis etish yoki boshqa investitsiya fondini qayta tashkil etish yo‘li bilan tashkil etiladi. Investitsiya fondini investitsiya fondi bo‘lmagan boshqa yuridik shaxsni qayta tashkil etish orqali tashkil etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Investitsiya fondi tijorat tashkiloti bo‘lib, u o‘zining alohida hisobga olinadigan mol-mulkiga, shu jumladan ustav kapitaliga berilgan mol-mulkka ega bo‘ladi.
Yuridik va jismoniy shaxslar investitsiya fondining muassislari (aksiyadorlari) sifatida ish yuritishi mumkin.
Investitsiya fondini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Investitsiya fondini tashkil etishda uning aksiyalari qiymatini to‘lash pul mablag‘lari, qimmatli qog‘ozlar, ulushlar, shuningdek ko‘chmas mulk va boshqa mol-mulk, mulkiy huquqlar bilan amalga oshiriladi. Bunda uning ustav kapitalining kamida 75 foizi pul shaklida to‘lanishi kerak.
Investitsiya fondining aksiyalarini joylashtirish fond birjasida amalga oshiriladi, bundan ushbu fond muassislari o‘rtasida yopiq obuna bo‘yicha joylashtiriladigan aksiyalarning dastlabki chiqarilishi mustasno.
12-modda. Investitsiya fondining boshqaruv organlari
Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi va kuzatuv kengashi, shuningdek vakolatlarini ishonchli boshqaruvchi amalga oshiradigan ijroiya organi investitsiya fondining boshqaruv organlaridir.
13-modda. Investitsiya fondining faoliyatidagi cheklovlar
Investitsiya fondi:
faoliyatni litsenziya olmasdan amalga oshirishga;
korporativ obligatsiyalar va infratuzilma obligatsiyalari, shuningdek imtiyozli aksiyalar chiqarishga;
investitsiya fondi sof aktivlarining 10 foizidan ortig‘ini bir emitentning qimmatli qog‘ozlariga yoki mas'uliyati cheklangan jamiyatning ulushiga investitsiya qilishga;
to‘lanishi lozim bo‘lgan qarzlarning jami hajmi kredit va (yoki) qarz bitimi imzolangan sanadagi investitsiya fondi sof aktivlari qiymatining 15 foizidan oshib ketgan taqdirda, kredit va (yoki) qarz mablag‘larini jalb etishga (bunda kredit va (yoki) qarz muddati uch oydan oshib ketmasligi kerak);
kafil bo‘lishga, mol-mulkni yoki mulkiy huquqlarni garovga qo‘yishga;
tashkiliy-huquqiy shakli o‘z ishtirokchilarining qo‘shimcha javobgarligini nazarda tutadigan xo‘jalik jamiyatlarining qimmatli qog‘ozlariga va ulushlariga investitsiyalarni amalga oshirishga;
ishonchli boshqaruvchi, auditorlik tashkilotlari tomonidan chiqarilgan qimmatli qog‘ozlarga investitsiyalarni amalga oshirishga, shuningdek ularning ustav kapitalidagi ulushlarini olishga;
boshqa investitsiya fondlarining aksiyalarini olishga va ularga ega bo‘lishga;
investitsiya faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan bitimlar tuzishga, opsionlar yoki fyucherslar olishga;
umumiy summasi fond sof aktivlarining 10 foizidan ortiq investitsiyalarni amalga oshirishga (bundan qimmatli qog‘ozlarga qo‘yish mustasno) haqli emas.
14-modda. Investitsiya fondini qayta tashkil etish va tugatishning o‘ziga xos xususiyatlari
Investitsiya fondi investitsiya fondi sifatida o‘z faoliyatini tugatmasdan yuridik shaxsning boshqa tashkiliy-huquqiy shakllariga o‘zgartirilishga haqli emas.
Ishonchli boshqaruvchi bo‘lmagan taqdirda, investitsiya fondining kuzatuv kengashi uch oy ichida ishonchli boshqaruvchi yollashi yoxud investitsiya fondini tugatish tashabbusi bilan chiqishi shart.
15-modda. Investitsiya fondi mol-mulkining hisobi va uni saqlash
Investitsiya fondlari tomonidan chiqarilgan va ularga tegishli qimmatli qog‘ozlarga bo‘lgan huquqlarni hisobga olish, shuningdek ularni saqlash, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi tomonidan amalga oshiriladi.
Investitsiya aktivlari ishonchli boshqaruvchida alohida balansda aks ettiriladi va u bo‘yicha mustaqil hisob yuritiladi. Ishonchli boshqarish bilan bog‘liq faoliyat bo‘yicha hisob-kitoblar uchun alohida bank hisobvarag‘i ochiladi.
Investitsiya fondining buxgalteriya hisobini yuritish hamda moliya, soliq hisobotlarini va boshqa hisobotlarni tuzish ishonchli boshqaruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Ishonchli boshqaruvchi fond investitsiya aktivlarining alohida hisobini yuritadi, ularning yaxlitligini va but saqlanishini ta'minlaydi, shuningdek investitsiya fondining moliya, soliq hisobotlari hamda boshqa hisobotlarining to‘g‘riligi va ishonchliligi uchun javobgar bo‘ladi.
3-bob. Pay fondi
16-modda. Pay fondini tashkil etish
Pay fondini tashkil etish to‘g‘risidagi qaror ishonchli boshqaruvchi tomonidan qabul qilinadi.
Investor ishonchli boshqaruvchi bilan tuziladigan, investorlarning pul mablag‘larini umumiy ulushli mulk huquqi asosida pay fondiga birlashtirish nazarda tutiladigan shartnoma asosida pay fondiga pul mablag‘larini kiritadi.
Ishonchli boshqaruvchi o‘zining alohida bank hisobvarag‘iga investorlar pul mablag‘larini kiritganidan keyin ikki ish kuni ichida ularga investitsiya paylarini beradi.
Investitsiya paylarini joylashtirish barcha investorlar uchun yagona narx bo‘yicha amalga oshiriladi.
Pay fondining pul mablag‘lari investitsiya deklaratsiyasiga binoan investitsiya qilinadi.
Pay fondini ishonchli boshqarish jarayonida olingan daromadlar ishonchli boshqaruvchining alohida bank hisobvarag‘ida jamlanadi.
Pay fondi u Pay fondlarining yagona reyestriga kiritilgan va tegishli axborot qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organining hamda Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysining rasmiy veb-saytlarida e'lon qilingan paytdan e'tiboran tashkil etilgan deb hisoblanadi.
Pay fondlarining yagona reyestrini yuritish qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
17-modda. Pay fondining va investitsiya paylarining hisobi
Pay fondining hisobi pay fondi Pay fondlarining yagona reyestriga kiritilganidan keyin investitsiya paylarini hisobga qo‘yish orqali Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi tomonidan amalga oshiriladi.
Investitsiya paylari pay fondini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan paytdan e'tiboran bir hafta ichida hisobga qo‘yilishi kerak.
Investitsiya paylarini hisobga qo‘yish chog‘ida investorlarga Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysida depo hisobvaraqlari ochiladi, bu hisobvaraqlarda investorlarga tegishli investitsiya paylariga bo‘lgan huquqlarning hisobi yuritiladi.
18-modda. Investorlarning pul mablag‘larini va pay fondining investitsiya aktivlarini tasarruf etish
Ishonchli boshqaruvchi pay fondi Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysida hisobga qo‘yilganidan keyin investorlarning pul mablag‘larini tasarruf etishga haqli.
Pay fondining pul mablag‘lari ishonchli boshqaruvchining rahbari va Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysining vakolatli mansabdor shaxsi tomonidan imzolanadigan to‘lov hujjati asosida sarflanadi.
Pul mablag‘laridan hamda boshqa investitsiya aktivlaridan foydalanishning maqsadi va yo‘nalishlari ishonchli boshqarish shartnomasi shartlariga, shu jumladan investitsiya deklaratsiyasiga muvofiq bo‘lishi kerak.
Investitsiya aktivlari bo‘yicha olingan daromadlar pay fondining investitsiya paylari egalari o‘rtasida yilda bir marta taqsimlanadi yoxud investitsiya paylarining barcha egalari roziligiga ko‘ra qayta investitsiya qilinadi. Pay fondining investitsiya paylari egalariga daromadlarni to‘lash ishonchli boshqaruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Ishonchli boshqaruvchi tomonidan pay fondi nomidan va ushbu fond mablag‘lari hisobidan tuziladigan shartnomalar Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysida ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.
19-modda. Pay fondining investitsiya aktivlarini tasarruf etishdagi cheklovlar
Pay fondining pul mablag‘lari:
fond investitsiya aktivlarining 10 foizidan ortiq miqdorda bir emitentning qimmatli qog‘ozlariga yoki mas'uliyati cheklangan jamiyatning ulushlariga investitsiya qilinishi;
tashkiliy-huquqiy shakli o‘z ishtirokchilarining qo‘shimcha javobgarligini nazarda tutadigan xo‘jalik jamiyatlarining qimmatli qog‘ozlariga va ulushlariga investitsiya qilinishi;
ishonchli boshqaruvchi, auditorlik tashkilotlari tomonidan chiqarilgan qimmatli qog‘ozlarga, shuningdek ularning ustav kapitalidagi ulushlarini olishga investitsiya qilinishi;
investitsiya faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘nalishlar bo‘yicha foydalanilishi;
fond investitsiya aktivlari umumiy summasining 10 foizidan ortiq miqdorda investitsiya qilinishi (bundan qimmatli qog‘ozlarga qo‘yish mustasno) mumkin emas.
20-modda. Investitsiya payining muomalasi
Investitsiya payining muomalasi uning fond birjasidagi oldi-sotdisi va investitsiya payining egasi almashishiga olib keladigan boshqa harakatlarni bajarish orqali amalga oshiriladi.
Ishonchli boshqarish shartnomasida pay fondining investitsiya paylarini ularning egasi talabiga ko‘ra, ayni bir ishonchli boshqaruvchining ishonchli boshqaruvida bo‘lgan boshqa pay fondining investitsiya paylariga almashtirish imkoniyati nazarda tutilishi mumkin. Bunda bir pay fondining investitsiya paylarini boshqa pay fondining investitsiya paylariga almashtirish almashtirilishi lozim bo‘lgan investitsiya paylarini muomaladan chiqarish sanasi almashtirilayotgan investitsiya paylarini berish sanasiga mos kelgan taqdirdagina amalga oshirilishi mumkin.
21-modda. Pay fondini tugatish
Pay fondini tugatish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
ishonchli boshqarish shartnomasining amal qilish muddati tugaganda;
barcha investitsiya paylarini muomaladan chiqarish uchun buyurtmalar kelib tushganda;
ishonchli boshqaruvchining litsenziyasi bekor qilinganda, agar uning pay fondini ishonchli boshqarish shartnomasi bo‘yicha huquq va majburiyatlari litsenziya bekor qilingan kundan e'tiboran uch oy ichida boshqa ishonchli boshqaruvchiga berilmagan bo‘lsa;
pay fondi hujjatlarida ko‘rsatilgan pay fondini tashkil etish va uning faoliyatini amalga oshirish maqsadiga erishilganda;
investitsiya paylari egalarining pay fondini tugatish to‘g‘risida bir ovozdan qabul qilingan qarori mavjud bo‘lganda.
Pay fondining investitsiya aktivlari ishonchli boshqaruvchi tomonidan fond birjasida (qimmatli qog‘ozlar uchun) va kimoshdi savdosida realizatsiya qilinishi lozim. Pay fondining investitsiya aktivlarini realizatsiya qilishdan tushgan mablag‘lar pay fondining investitsiya paylari egalariga o‘zlariga tegishli bo‘lgan investitsiya paylari soniga mutanosib ravishda to‘lanishi kerak.
Pay fondi investitsiya paylari egalarining pay fondi negizida investitsiya fondini ta'sis etish to‘g‘risida bir ovozdan qabul qilingan qarori pay fondini tugatish haqidagi qaror deb e'tirof etiladi.
Pay fondi tugatilganda mazkur pay fondi ishonchli boshqaruvchisining faoliyati auditorlik tashkiloti tomonidan majburiy auditdan o‘tkazilishi kerak.
22-modda. Investitsiya payini muomaladan chiqarish
Investitsiya payini muomaladan chiqarish pay fondi tugatilganda amalga oshiriladi.
Investitsiya payini muomaladan chiqarish quyidagilar orqali amalga oshirilishi mumkin:
investitsiya payining qiymatini ishonchli boshqaruvchi tomonidan pay fondi mablag‘lari hisobidan pul mablag‘lari bilan to‘lash;
investitsiya payini pay fondi negizida tuzilgan investitsiya fondining aksiyalariga ayirboshlash.
4-bob. Investitsiya va pay fondlarining faoliyatini tartibga solish
23-modda. Investitsiya va pay fondlarining faoliyatini tartibga solishni amalga oshirish
Investitsiya va pay fondlari faoliyatini tartibga solish qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
investitsiya va pay fondlarini ishonchli boshqarish tartibini, shu jumladan ushbu fondlarning investitsiya aktivlari hisobini yuritish hamda ularning faoliyati to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish tartibini belgilash;
ishonchli boshqaruvchi mansabdor shaxslarining hamda affillangan shaxslarining investitsiya va pay fondlari operatsiyalarida ishtirok etishini cheklash;
investitsiya deklaratsiyasining mazmuniga hamda investitsiya va pay fondlarining boshqa hujjatlariga doir talablarni belgilash;
investitsiya va pay fondlarining, ishonchli boshqaruvchilarning va Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysining faoliyatini nazorat qilish.
Ishonchli boshqaruvchi bilan tuzilgan shartnoma asosida ishonchli boshqaruvchi nomidan va uning hisobidan faoliyat yurituvchi Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysigina investitsiya paylarini berish, muomaladan chiqarish va almashtirish bo‘yicha agent bo‘lishi mumkin. Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysining investitsiya paylarini berish, muomaladan chiqarish va almashtirishga doir faoliyati tartibi qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
24-modda. Investitsiya aktivlarining hisobi va ular bo‘yicha hisobotlar
Investitsiya aktivlarining hisobini yuritish va ushbu aktivlar bo‘yicha hisobotlar tuzish ishonchli boshqaruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Investitsiyalar pay fondining mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan taqdirda, qimmatli qog‘ozlar egalarining reyestrida va xo‘jalik jamiyatlarining ta'sis hujjatlarida ishonchli boshqaruvchi ko‘rsatilib, u pay fondining ishonchli boshqaruvchisi sifatida faoliyat yuritayotganligi to‘g‘risida belgi qo‘yiladi.
25-modda. Investitsiya va pay fondlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish
Investitsiya va pay fondlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish ishonchli boshqaruvchi tomonidan quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
axborotni investitsiya fondlarining, pay fondlari ishonchli boshqaruvchisining, qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organining, shuningdek fond birjasining rasmiy veb-saytlarida qonun hujjatlariga muvofiq e'lon qilish;
axborotni belgilangan tartibda so‘rovga ko‘ra taqdim etish.
Qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi va fond birjasi ushbu moddada nazarda tutilgan axborotni o‘z rasmiy veb-saytlarida e'lon qilganlik uchun haq olishga haqli emas.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
26-modda. Nizolarni hal etish
Investitsiya va pay fondlari faoliyati sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
27-modda. Investitsiya va pay fondlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Investitsiya va pay fondlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
28-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta'minlasin.
29-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonunning 3-bobi qoidalari 2017 yil 1 iyuldan e'tiboran amalga kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2015 yil 25 avgust,
O‘RQ-392-son
Manba: LexUz
Ushbu Qonun "Xalq so‘zi" gazetasining 2015 yil 26 avgustdagi 167 (6350)-sonida e'lon qilingan