Jahon banki vakillari bilan uchrashuv

22/04/2021 - 20:14 433

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov va Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy vise-prezidenti Anna Byerde xonim boshchiligida Jahon banki vakillari bilan Jahon banki guruhining “Bahor uchrashuvlari” doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda aholining ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish va ta’lim sifatini oshirish, hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish, innovatsion yondashuvlarni jalb qilish orqali qishloq xo‘jaligi sektorini yaxshilash, issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, energiya resurslarini oqilona taqsimlash va yer munosabatlarini takomillashtirish sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Anna Byerde xonim “O‘zbekiston samarali islohotlar dasturini amalga oshiradigan mamlakat sifatida tan olingan. Davlat tomonidan qashshoqlikni kamaytirish borasida mamlakatda qashshoqlik darajasini baholash va turli xil samarali vositalarni qo‘llash uchun ma’lumotlarni shakllantirish bo‘yicha juda yuqori sifatli va mukammal ishlar amalga oshirilganligini” ta’kidlab o‘tdi.

O‘zbekiston tomonidan qayd etilganidek, “Respublika bugungi kunda aholini emlash, shu jumladan UNISEF ko‘magida faol ish olib bormoqda, qo‘shimcha ravishda Xitoy va Rossiya bilan ikki tomonlama aloqalar o‘rnatilmoqda”.

Shuningdek, tomonlar yangi hamkorlik strategiyasini tayyorlashni muhokama qildilar, o‘rta muddatli istiqbolda islohotlarni talab qiluvchi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

Bank vakillari Jahon banki barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun tavsiyalar ishlab chiqadigan sohalarni aniqlash uchun joriy iqtisodiy vaziyatning “hozirgi kunda “diagnostikasi” olib borilayotganini” ma’lum qildi.

Shuningdek, tomonlar bank vakillari tomonidan 2020-2021-yillarda yoshlar va ayollar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, Farg‘ona vodiysi qishloq joylarida tadbirkorlikni rivojlantirish va inson kapitali rivojlanishini yaxshilash bo‘yicha dasturni davom ettirish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlash va Jahon banki tomonidan O‘zbekistonda islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati