UNICEF vakillari bilan uchrashuv

01/06/2021 - 18:06 367

31 may kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida, vazirning birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) vakillari bilan uchrashdi.

   Uchrashuvning asosiy mavzusi koronavirus pandemiyasining O‘zbekistondagi oilalar va bolalar farovonligiga ta’sirini muhokama qilish bo‘lib, unda UNICEF mutaxassislari ushbu mavzu bo‘yicha o‘zlarining dastlabki tadqiqotlar natijalarini taqdim etdilar.

   Uchrashuvda shuningdek, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Obidxo‘djaev va UNICEF tomonidan – Jamg‘armaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ijtimoiy siyosat bo‘limi boshlig‘i Tinatin Baum, vakolatxonaning maslahatchisi Umid Aliyev va boshqa mas’ullar ishtirok etishdi.

   Uchrashuv davomida, pandemiya sharoitida mamlakat aholisini ijtimoiy ta’minlash sohasida bir qator samarali qadamlar amalga oshirilgani qayd etildi. Xususan, imtiyozlarni tayinlash mezonlarini qayta ko‘rib chiqish orqali,ularni qamrovi kengaytirilganligi, 2020-yil sentabr oyidan boshlab yoshi va nogironligi bo‘yicha nafaqalar uchun ijtimoiy nafaqalarning bazaviy miqdorlarining oshirilganligi, kam ta’minlanganlar, nogironligi bor, boquvchisini yo‘qotganligi uchun nafaqa oladigan oilalarga bir martalik moddiy yordam to‘lab berilganligi va boshqalar.

 UNICEF vakillari pandemiya boshlanganidan o‘rtacha daromadning pasayishi kuzatilganligini , davlat tomonidan qabul qilingan ijtimoiy himoya choralari nafaqa oluvchilarga ta’sirini biroz yumshatishga yordam berganligini ta’kidladilar.

 Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama natijalaridan mamnunligi qayd etildi. Kelgusi tadqiqotlar bo‘yicha ishlarni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti vakillari bilan birgalikda davom ettirish bo‘yicha kelishib olindi.

 Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqaritish vazirligi

 Axborot xizmati