Buyuk Britaniya elchixonasi va Buyuk Britaniya Xalqaro taraqqiyot vazirligi vakillari bilan uchrashuv (Foreign, Commonwealth&Development Office – FCDO)

10/06/2021 - 21:26 160

Joriy yilning 10-iyun kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorovning Buyuk Britaniya elchixonasi va Buyuk Britaniya Xalqaro taraqqiyot vazirligi vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi (Foreign, Commonwealth & Development Office – FCDO).

Uchrashuvda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilxom Norqulov, Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining maslahatchisi Yekaterina Gorbunova va boshqa mas’ul shaxslar ishtirok etishdi.

Xorijiy delegatsiya tomonidan Buyuk Britaniya Xalqaro taraqqiyot vazirligi Markaziy Osiyo bo‘limi direktori Devid Rinnert, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va Muxtor elchisi Timoti Torlot, Buyuk Britaniyaning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi xodimi Liya Perepadova va Jahon bankining ijtimoiy himoya bo‘yicha katta iqtisodchisi – “EGED” dasturi rahbari Uilyam Saytz ishtirok etishdi.

O‘tkazilgan uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash uchun samarali boshqaruv” (EGED) dasturini amalga oshirish jarayonini muhokama qildilar.

Ma’lumot uchun, Buyuk Britaniya Birlashgan Qirolligi va Shimoliy Irlandiya hukumati Buyuk Britaniyaning Xalqaro taraqqiyot vazirligi tomonidan namoyish etilib, O‘zbekistonga ko‘maklashish dasturi doirasida 5 yil davomida iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 11 mln. dollar miqdorida grant mablag‘lari ajratdi. Dastur Jahon banki mutaxassislari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda ishtirok etgan xorij delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan belgilab berilgan asosiy iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda har tomonlama ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi.

Shuningdek, Buyuk Britaniya hukumati vakillari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish strategiyasini amalga oshirish muhimligi qayd etildi va strategiyani amalga oshirish bo‘yicha “Yo'l xaritasi” ni ishlab chiqishda texnik ko‘mak berishga tayyorligi bildirildi.

Uchrashuv so‘ngida tomonlar barcha ustuvor yo‘nalishlarni kelgusida ham birgalikda amalga oshirishni davom ettirishga kelishib oldilar.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati