Kasbiy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuv

01/07/2022 - 16:52 857

Joriy yilning 30-iyun kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorovning O‘zbekistonda kasb-hunar ta’limini rivojlantirish masalalari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbariyati, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi va Savdo-sanoat palatasining mas’ul vakillari ishtirok etdilar.

Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi missiyasi, BMT, UNESCO, Xalqaro mehnat tashkiloti (ILO), Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Germaniya xalqaro hamkorlik (GIZ) tashkiloti va boshqa shu kabi xalqaro tashkilot vakillari uchrashuvda qatnashdilar. 

Kun tartibida O‘zbekistonda kasb-hunar ta’limi tizimini xalqaro andozalar asosida yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida ishtirokchilarga joriy va taklif etilayotgan ta’lim tizimi, mehnat bozori, kasblarni attestatsiyadan o‘tkazish jarayonlari, kasb-hunar ta’limi tizimining asosiy ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish yuzasidan qisqacha ma’lumotlar berildi.

Xususan, ustuvor vazifalar qatoriga quyidagilar kiradi:

 - 9 va 11-sinf bitiruvchilarini kasb-hunar ta’limi bilan qamrab olishni 50 foizgacha oshirish;

 - ishsizlar uchun qisqa muddatli kurslarni ko‘paytirish;

 - dual ta’lim tizimi yo‘nalishlarini sonini 50 taga ko‘paytirish;

 - xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish;

 - malakani baholash markazlarini yaratish va boshqalar.

Shu bilan birga, uchrashuvda vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar vakillari ta’lim tizimini rivojlantirish yuzasidan o‘z fikr va takliflari bilan o‘rtoqlashdilar. Shu bilan birga, islohotlarni samarali amalga oshirish uchun yuqori malakali kadrlar, mamlakat rivojining ustuvor yo‘nalishlariga javob bera oladigan aniq belgilangan kasbiy ko‘nikmalar va xususiy sektorni faol jalb etish orqali raqobat muhitini yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, monomarkazlar tashkil etish, oziq-ovqat, to‘qimachilik va logistika sanoatida kasbiy ko‘nikmalarni o‘qitish bo‘yicha xalqaro tashkilotlarning amalga oshirilayotgan loyihalari haqida so‘z bordi.

Bundan tashqari, monomarkazlar tashkil etish, oziq-ovqat, to‘qimachilik va logistika sanoatida kasbiy ko‘nikmalarni o‘qitish bo‘yicha xalqaro tashkilotlarning amalga oshirilayotgan loyihalari haqida so‘z bordi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonda dual ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni yanada mustahkamlash maqsadida respublika vazirlik va idoralari mas’ul vakillari hamda xorijiy ekspertlar ishtirokida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzishga kelishib oldilar.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati