Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida

01/07/2022 - 19:52 602

Xabaringiz bor,  iqtisodiyot tarmoqlari hamda aholining tabiiy gaz va elektr energiyasiga bo‘lgan talabini ishonchli va uzluksiz ta’minlash, gaz va elektr energiya resurslari uzatish tizimini rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish, eng yaxshi xalqaro tajriba asosida tarmoqda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish orqali iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida bir qator islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda.

 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga 2022-yilning 31-may kuni muhokamaga qo‘yilgan edi.

 Avvalambor, muhokama jarayonida ishtirok etgan faol fuqarolar, ommaviy axborot vositalari, mustaqil iqtisodchilar va ekspertlarga ushbu islohot yuzasidan o‘z fikrlarini ochiq namoyon etganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz.

 Shuni takidlab o‘tish joizki, 15-iyun kuni muhokama jarayonlari yakunlangan bo‘lib, qaror loyihasiga 1 100 dan ortiq taklif va e’tirozlar kelib tushdi.

 Jumladan, eng ko‘p takliflardan biri qish mavsumida elektr energiyasiga (tabiiy gaz uchun o‘rnatilgani kabi) belgilangan ijtimoiy me’yor shakllantirish bo‘yicha kelib tushgan.

 Bunda asosiy sabablar sifatida isitish mavsumida gazlashtirilmagan, gaz bosimi pasaygan va tabiiy gaz yetkazib berishda uzilishlar kuzatiladigan xonadonlarda, shuningdek, ayrim ko‘p qavatli uylarning isitish tizimi talabga javob bermasligi sababli xonadonlarni isitish maqsadida elektr energiyasidan foydalanishga to‘g‘ri kelishi ko‘rsatilgan.

 Shuningdek, ijtimoiy me’yorlar miqdorini oshirish bo‘yicha takliflar kelib tushdi.

 Takliflarning aksariyatida ijtimoiy me’yor kiritilayotganligiga e’tiroz mavjud emasligi, biroq ijtimoiy me’yor miqdorini oshirish zarurligi bildirilgan.

 Shuningdek, ko‘p qavatli va yakka tartibdagi hovli uy-joylarda iste’molning turlicha bo‘lishi qaror loyihasida inobatga olinmaganligi bo‘yicha fikrlar keltirib o‘tilgan.

 Shuni ma’lum qilamizki, qaror loyihasi bo‘yicha aholi tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqib, shuningdek, mazkur takliflarni inobatga olgan holda yoqilg‘i-energetika narxlarini o‘zgarishiga oid Vazirlar Mahkamasining quyidagi qarori qabul qilindi.

 Qaror loyihasi bilan 2022-yil 15-iyuldan boshlab:

 Elektr energiyasi bo‘yicha:

  1. a) aholi uchun 1 kVt/soat elektr energiyasi narxi o‘zgarishsiz, ya’ni – 295 so‘m;
  2. b) 1 kVt/soat elektr energiyasi Navoiy KMK, Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari uchun – 800 so‘m hamda qolgan yuridik shaxslar uchun – 600 so‘m.

 Tabiiy gaz bo‘yicha:

  1. a) aholi uchun 1 kub m tabiiy gaz iste’moli narxi o‘zgarishsiz,

 ya’ni – 380 so‘m;

  1. b) 1 kub m tabiiy gaz Navoiy KMK, Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari uchun – 1 300 so‘m, avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun – 1 150 so‘m, issiqlik elektr stansiyalari uchun – 1 000 so‘m hamda qolgan yuridik shaxslar uchun – 1 100 so‘m.

 Suyultirilgan gaz narxi esa aholi uchun o‘zgarishsiz,

 ya’ni – 1 120 so‘m miqdorida belgilanishi nazarda tutilgan.

 Shuningdek, korxonalarni uzoq muddatli rejalashtirishga moslashtirish, operatsion samaradorlikni va energiya tejamkorlikni oshirish maqsadida joriy yil uchun yangi narxlar bilan birga 2023-yil 1-apreldan kuchga kiradigan yangi narxlar ham mazkur qaror bilan belgilab berilmoqda.

 Bunda, 2023-yil 1-apreldan quyidagi narxlar joriy etilishi ko‘zda tutilgan:

  1. a) Elektr energiyasi bo‘yicha:

 Navoiy KMK, Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari uchun 850 so‘m etib belgilash;

 qolgan yuridik shaxslar uchun – 700 so‘m etib belgilash.

  1. b) Tabiiy gaz bo‘yicha:

 issiqlik elektr stansiyalari uchun – 1 200 so‘m;

 Navoiy KMK, Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari uchun – 1 350 so‘m;

 avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun – 1 350 so‘m;

 qolgan yuridik shaxslar uchun – 1 350 so‘m etib belgilash.

 2023-yil 1-apreldan o‘rnatiladigan yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlari kelgusi yillarda qayta ko‘rib chiqilishida inflyatsiya darajasiga indeksatsiya qilib borilishi, 2026-yildan boshlab esa elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gazning ulgurji bozoriga o‘tiladi hamda narxlar erkin shakllanishi belgilangan.

 Muhokamaga chiqarilgan qaror loyihasi bo‘yicha aholi tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqib, qaror loyihasida aholi uchun joriy etilishi nazarda tutilgan “ijtimoiy me’yor”ning joriy qilinishi mutaxassislar tomonidan qayta ko‘rib chiqilmoqda va mazkur qaror bilan aholi uchun narxlar o‘zgarishsiz qoldirilmoqda.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati