Jahon banki vakillari bilan uchrashuv

10/11/2022 - 20:00 2239

Joriy yilning 10-noyabr kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Rustamovning Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli boshchiligidagi Jahon banki delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

        Uchrashuvda Vazirlikning mas’ul departament direktorlari va Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi vakillari, mehmonlar tomonidan esa Jahon bankining O‘zbekistondagi investitsion loyihalari portfeli monitoringi bo‘yicha bosh mutaxassisi Raximjon Assangaziyev, bosh iqtisodchilar Uiliyam Zeytz va Pinar Yashar hamda urbanizatsiya bo‘yicha ekspertlar Rozanna Nitti va Ildus Kamilovlar ishtirok etdilar.

        O‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, hududlarni kompleks rivojlantirish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berish, hokim yordamchilari faoliyatini takomillashtirish va boshqa qator yo‘nalishlardagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish ushbu uchrashuvning ustuvor masalalari bo‘ldi.

        Uchrashuv avvalida, O‘zbekiston tomoni mehmonlarni hududlarni kompleks rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, hududlarni toifalarga ajratgan holda ularni o‘sish nuqtalarini aniqlab olish, hokim yordamchilari faoliyatini baholashda KPI ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish bo‘yicha erishilgan natijalar bilan tanishtirdilar.

        Uchrashuv davomida tomonlar hududlarni toifalarga ajratishning maqsad va vazifalariga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Jumladan, qulay investitsion muhit yaratish, mahalliy va xorijiy tadbirkorlarning imkoniyatlarini kengaytirish va aholi yashash sharoitlarini yanada takomillashtirish kabi maqsadlar.

        Shu bilan birga, hududlarni toifalarga ajratishdagi e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar bilan bir qatorda, ushbu yo‘nalishda xorijiy mamlakatlar tajribasi ko‘rib chiqildi. Hokim yordamchilari faoliyatini samarali baholash (KPI) tizimini yanada takomillashtirish usullari ham muhokama qilib o‘tildi.

        Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar yuqoridagi yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati