Shveysariya delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv
15/11/2022 - 20:45 2173
Joriy yilning 15-noyabr kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov energetika, ishlab chiqarish, logistika va infratuzilmaviy masalalar yuzasidan biznes missiyasi bilan O‘zbekistonga tashrif buyurgan Shveysariya delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Shveysariyaning “Joint Chamber of Commerce JCC” ijro etuvchi direktori Dr. Dorit Sallis, “Swiss Export Risk Insurance SERV” kompaniyasining Maslahat va mijozlarni jalb qilish bo‘yicha boshlig‘i Carsten Boehler, “Burckhardt Compression” kompaniyasi ijro etuvchi direktori Marcel Pawlicek, “M&M Militzer & Münch International Holding AG” kompaniyasi Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy boshqaruvchi direktori Nikolaus Kohler, “Moeckli Finance and Management Ltd” kompaniyasi ijro etuvchi direktori Alfred Moeckli, “Herculis Partners SA” kompaniyasi boshqaruv kengashi direktori Jean-Paul Periat hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi mas’ul departament vakillari ishtirok etdilar.
Uchrashuvda davlat-xususiy sherikligi mexanizmlari, mamlakatimizda ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, qishloq xo‘jaligi, transport, irrigatsiya va suv resurslarini boshqarish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini yaratish sohalaridagi davlat-xususiy sherikligi loyihalari, yashil o‘sish va yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonlari, barqaror, ijtimoiy va inklyuziv iqtisodiy o‘sish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, xususiy sektorni rivojlantirish va xususiylashtirish jarayonlari, tadbirkorlik muhitini rivojlantirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan master-rejalar, raqamli transformatsiya hamda sanoat tarmoqlarini rivojlantirish yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati