Xalqaro valyuta jamg‘armasi vakillari bilan uchrashuv
15/11/2022 - 16:28 1661
Joriy yilning 14-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Xalqaro valyuta jamg‘armasining O‘zbekistondagi missiyasi rahbari Ron van Rooden bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri Timur Ishmetov, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov, Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev hamda mehmonlar tomonidan XVJning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Kevin Ross hamda XVJ iqtisodchilari Christine Richmond va Sarvar Ahmedov ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda olib borilayotgan tizimli islohotlar jarayonini davom ettirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, davlat ishtirokidagi korxonalar va banklarni xususiylashtirish, davlat xususiy sheriklik loyihalarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer maydonlarini xususiylashtirish jarayonlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozorini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, fiskal, pul-kredit siyosati va budjet masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuvda tomonlar barqaror iqtisodiy o‘sish borasida Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan hamkorlik, bozorlarni liberallashtirish, davlat ishtirokidagi korxonalarning transformatsiya jarayonlari, energiya barqarorligini ta’minlash, qulay biznes muhitini shakllantirish, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, tekstil sanoatini rivojlantirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirish hamda yuqoridagi masalalar yuzasidan hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati