“Milliy iqtisodiyotni dekarbonizatsiyalash bo‘yicha uzoq muddatli strategiya” loyihasini muhokamasi bo‘yicha onlayn seminar
05/12/2022 - 17:58 2561
Joriy yilning 30-noyabr sanasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan “Milliy iqtisodiyotni dekarbonizatsiyalash bo‘yicha uzoq muddatli strategiya” (LTS) loyihasini tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar bilan muhokama qilish maqsadida onlayn tarzda seminar tashkil etildi.
Ma’lumot uchun ushbu strategiya loyihasi milliy iqtisodiyotni dekarbonizatsiyalashni yanada jadallashtirish maqsadida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Jahon banki va boshqa xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda.
Tadbirda Jahon banki, EXERGIA S.A. Climate Change Consultants, E3-Modelling Energy-Economy-Environment, JURU Energy kabi xorijiy kompaniya va tashkilotlar vakillari hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi mas’ul xodimlari, shuningdek, 40 ga yaqin vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
Jahon banki vakili Paola Agostini o‘z chiqish so‘zida Jahon banki va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda ushbu strategiya loyihasini ishlab chiqishda uzoq va qiyin yo‘ldan o‘tilganligini, “yashil” o‘tish davomida katta ishlar qilinganini va O‘zbekiston bu yo‘lda o‘z yo‘nalishini aniqlab olganini ta’kidladi.
Tadbirning asosiy qismida EXERGIA S.A. Climate Change Consultants vakillari tomonidan strategiya loyihasi taqdim qilindi. Tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan loyiha taqdimotchilariga murojaat qilishdi hamda loyiha yuzasidan o‘z takliflarini berishdi.
Seminar yakunida tomonlar strategiya loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olishdi hamda strategiyaning yakuniy tahriri keyingi yilning II-choragida taqdim qilinishi aytib o‘tildi.