MUTOLAA: ENG YAXSHILAR TAQDIRLANDI
15/12/2022 - 10:10 6235
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tizimida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha chora-tadbirlar dasturida, xodimlar oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda maʼrifatli jamiyat sari ildam qadam tashlash bo‘yicha bir qancha vazifalar belgilangan. Shu maqsadda, vazirligimizda joriy yilning 13-dekabr kuni “Birga kitob mutolaa qilamiz”, deb nomlangan tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov “Zoom” platformasi orqali tashkil etilib, bunda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Toshkent shahri va viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmalari hamda Markaziy apparatdan 36 ta jamoa, har bir jamoada 3 nafardan, jami 108 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Tanlov shartlariga ko‘ra, “Temur tuzuklari” kitobi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar”, ma’rifatparvar jadid bobomiz Cho‘lponning “Kecha va kunduz” hamda O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning “Tushda kechgan umrlar” asarlari bo‘yicha tuzilgan test va og‘zaki savol-javoblar asosida bo‘lib o‘tdi.
Jamoalar orasida g‘oliblarni aniqlash maqsadida malakali mutaxassis va yozuvchilar taklif etildi. Jumladan, hakamlar hay’ati a’zolaridan Amir Temur xalqaro jamoat fondi raisining birinchi oʻrinbosari, Temuriylar davlat muzeyi ilmiy xodimi, taniqli adib To‘lqin Hayitov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murodning turmush oʻrtogʻi, adiba Ma’suma Ahmedova, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi”, xasos, sevimli shoiramiz Zulfiya Mo‘minova hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi yoshlar yetakchisi Dilshod Jumanazarovlar yaqindan yordam berishdi.
Ayniqsa, “Kecha va kunduz” va “Tushda kechgan umrlar” asarlari yuzasidan ishtirok etgan jamoalar orasida g‘oliblarni aniqlash qizg‘in bahs-munozaralar bilan kechdi va g‘oliblar 3 va 4-bosqichlarda aniqlandi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, “Temur tuzuklari” asari yuzasidan Sirdaryo viloyatining “Bilimdonlar” jamoasi, “Otamdan qolgan dalalar” asari yuzasidan Buxoro viloyatining “Yosh buxoroliklar” jamoasi, “Kecha va kunduz” asari yuzasidan Markaziy apparatning “Cho‘lpon” jamoasi hamda “Tushda kechgan umrlar” asari yuzasidan Surxondaryo viloyatining “Auditorlar” jamoalari ustunlikni qo‘lga kiritdi.
G‘olib bo‘lgan jamoalar vazirligimiz tomonidan pul mukofoti bilan rag‘batlantirildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘tkazilgan bellashuvdan ma’naviy ozuqa olganliklaridan mamnun ekanliklarini va tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdi.
Elyor ABDUMALIKOV,
Axborot, tahlil va hujjatlarni korreksiyalash bo‘limi xodimi