Hududlarni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishda jamoatchilik ishtirokini ta’minlashga bag‘ishlangan seminar-trening tashkil etildi
13/12/2022 - 13:03 2457
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan Toshkent shahrida “Hududlarni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishda jamoatchilik ishtirokini ta’minlash” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Seminar-trening O‘zbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi va Yevropa Ittifoqining “O‘zbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlarini taqdim etishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” qo‘shma loyihasi ko‘magida o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarma boshlig‘i o’rinbosarlari va bo’lim boshliqlari ishtirok etishdi.
Treningda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi mutaxassislari va BMTTD loyihasining xalqaro eksperti Tatyana Vinogradova tomonidan hududlarni rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqishda jamoatchilik ishtirokini ta’minlash borasida, xususan, Yevropa mamlakatlari tajribasi asosida taqdimot qilindi hamda qatnashchilar bilan birga amaliy o‘quv mashg‘ulot o‘tkazdi.
Seminar-trening davomida xalqaro ekspert Ng Wei Hsiang Bryan Singapur tajribasi bo‘yicha taqdimot qildi, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari Komiljon Qo‘ziyev hududlar strategiyasini ishlab chiqishning asosiy yo‘nalishlarini ilmiy tomondan tushuntirib berdi.
Shuningdek, hududlarni rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqishda jamoatchilik ishtirokini taminlash yuzasidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan amalga oshiriladigan ishlar, jumladan, rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda asosiy yo‘nalishlarni aniqlab olish, o‘sish nuqtalarini aniqlash va drayverlarni belgilash, asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarni tahlil qilish, jamoatchilik bilan uchrashuvlar tashkil etish masalalari bo‘yicha savol-javob tarzida muhokamalar va amaliy mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati