O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Ichki audit xizmati faoliyati to‘g‘risida

21/12/2022 - 16:18 5162

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vazirlik va idoralarning ichki audit xizmati to‘g‘risidagi namunaviy nizomini tasdiqlash haqida” 2022-yil 1-avgustdagi 416-son qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan joriy yilning 30-sentyabrida “Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Ichki audit xizmati to‘g‘risida” yangi tahrirdagi nizomi tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-iyundagi “Fuqarolar ishtirokidagi audit o‘tkaziladigan obyektni aniqlash va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyati samaradorligini jamoatchilik tomonidan baholab borish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 326-son qaroriga asosan “Davlat auditi” dasturiga fuqarolar tomonidan tanlanishi mumkin bo‘lgan audit obyektlari ro‘yxati shakllantirildi, shu bilan birga “Davlat auditi” dasturida audit obyektlari audit tadbirlari o‘tkazish bo‘yicha buyruqlari hamda o‘tkazilgan audit tadbirlari natijalari bo‘yicha tuzilgan hisobotlari to‘liq shakllantirilib kelinmoqda.

Ichki audit xizmati tomonidan joriy yilning aprel-sentyabr oylarida rejaga muvofiq vazirlikning hududiy bosh boshqarmalarida audit tadbirlarini amalga oshirdi.

Audit tadbirlari natijasida ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar hisobidan 920,1 mln so‘m mablag‘ ortiqcha to‘langan, shundan ish haqi hisobidan 48,9 mln so‘m, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi hisobidan 1,8 mln so‘m, mukofot va ustama to‘lovlari hisobidan 758,2 mln so‘m, xizmat safari xarajatlari hisobidan 2,6 mln so‘m ortiqcha va 22,6 mln noqonuniy to‘lovlar amalga oshirilgan hamda soliq imtiyozlari noto‘g‘ri qo‘llanilganligi sababli 86,0 mln so‘m mablag‘ kam hisoblangan, tovar-moddiy boyliklar hisobini yuritishda 8,0 mln so‘m, o‘z vaqtida undirilmagan debitor qarzdorlik 18,7 mln so‘m, jami bo‘lib 946,8 mln so‘m moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi.

Shu bilan birga vazirlik tizim tashkilotida tovar-moddiy boyliklar hisobini to‘g‘ri yuritilishini o‘rganish maqsadida rejadan tashqari audit tadbirida 193,7 mln so‘mlik xato va kamchiliklarning oldi olindi.
Moliyaviy xato va kamchiliklarni amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar asosida bartaraf qilish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.