O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining rasmiy veb-saytiga joylashtirish majburiy bo‘lgan axborotlar ro‘yxati

26/02/2022 - 15:47 36093

1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining (keyingi o‘rinlarda vazirlik deb yuritiladi) rasmiy veb-saytiga quyidagi axborotlar joylashtiriladi:

vazirlikning huquqiy maqomini, shu jumladan vazirlikning tarkibiy bo‘linmalari va tasarrufidagi tashkilotlarning tashkiliy tuzilmasi, vazifalari va funksiyalarini belgilaydigan normativ-huquqiy hujjatlar;

vazirlik tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy, normativ va boshqa hujjatlar;

vazirlik tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblash to‘g‘risidagi ma'lumotlar;

vazirlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan dasturlar to‘g‘risidagi umumiy ma'lumotlar; 

vazirlik tomonidan o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlar (majlislar, yig‘ilishlar, uchrashuvlar, matbuot konferensiyalari, seminarlar va brifinglar, davra suhbatlari, rasmiy tashriflar) to‘g‘risidagi ma'lumotlar, kundalik faoliyat to‘g‘risidagi boshqa axborotlar;

vazirlikning boshqa davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar;

vazirlik ishtirok etadigan xalqaro shartnomalar to‘g‘risidagi axborotlar;

vazirlik faoliyati sohasidagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish hamda uning rivojlanish dinamikasini tavsiflaydigan asosiy ko‘rsatkichlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar;

bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish shartlari va nomzodlarga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi ma'lumotlar;

rasmiy veb-saytning axborot materiallaridan foydalanishda unga havolalar majburiy ko‘rsatilishi to‘g‘risidagi talablar;

vazirlik tomonidan ishlab chiqiladigan normativ hujjatlar loyihalari to‘g‘risidagi ma'lumotlar;

vazirlik tomonidan o‘tkaziladigan majlislar uning kun tartibi, shuningdek sana, vaqt, o‘tkazish joyi va ularda qatnashish tartibi ko‘rsatilgan holda ochiq majlislar o‘tkazish rejalari;

vazirlik rasmiy veb-saytda joylashtirish zarur,  deb hisoblaydigan boshqa umumiy foydalaniladigan axborotlar va ma'lumotlar.

2. Vazirlik tomonidan rasmiy veb-sayt orqali ko‘rsatiladigan bazaviy axborot xizmatlari ro‘yxatiga quyidagilar majburiy tartibda taqdim etiladi:

vazirlik rahbarlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi, biografik ma'lumotlar va ular bilan bog‘lanish ma'lumotlari, fuqarolarni qabul qilish kunlari);

vazirlikning tarkibiy bo‘linmalari (shu jumladan, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash bo‘linmalari)ning telefon raqamlari va manzilli rekvizitlari (pochta, elektron manzili va boshqalar), ularning ish tartibi to‘g‘risidagi axborotlar, ma'lumotlar berish xizmati va ishonch telefonlarining raqamlari, kirish yo‘llari, to‘xtash joylari va jamoat transporti raqamlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar;

yuridik va jismoniy shaxslarning arizalari, shikoyatlari va boshqa murojaatlarini qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi axborotlar;

vazirlikning faoliyati to‘g‘risidagi tahliliy ma'ruzalar va axborot kщrinishidagi sharhlar, yil choragi va yillik hisobotlar, shuningdek tarmoqning holati to‘g‘risidagi tahliliy ma'lumotlar;

vazirlik rahbarlari rasmiy nutqlari va bayonotlarining matnlari;

Internet tarmog‘idagi boshqa tegishli veb-saytlarga va O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portaliga havolalar;

yuridik va jismoniy shaxslarning hisobotlari, xatlari, arizalari, shikoyatlari va murojaatlarining boshqa shakllarini qabul qilish (elektron-raqamli imzodan foydalanishga qarab);

vazirlikning matbuot xizmati (mas'ul xodimlar bilan aloqaga kirishish) to‘g‘risidagi ma'lumotlar;

elektron pochta orqali hamda e'lonlar va yangiliklarni yetkazib berishning ommaviy avtomatlashtirilgan formatlari orqali rasmiy veb-saytni yangilashga yozilish imkoniyati;

vazirlikning «Elektron hukumat» tizimida qatnashishi, uning roli va qatnashishi xususiyati, shuningdek ushbu sohada amalga oshiriladigan tadbirlar (qanday davlat xizmatlari ko‘rsatiladi, qanday ma'lumotlar ayirboshlanadi va shu kabilar) to‘g‘risidagi ma'lumotlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning tez-tez beriladigan savollariga javoblar.

3. Rasmiy veb-saytda boshqa manbalardan axborotlarni joylashtirishga faqat axborot manbai ko‘rsatilgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi.

(Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2016-yil 6-iyundagi 36-son buyrug‘iga 2-ilova)